Abulfido Imoduddin Ismoil ibn Ali al-Ayyubiy (1273, Damashq-1331, Hamo, Suriya) — arab qomusiy olimi. Mamluk sultonlarining Kichik Osiyoga qilgan yurishlarida (1301, 1315) qatnashadi va oʻsha yillari oʻzining mashhur tarixiy asari „Al-Muxtasar fi tarix al-bashar“ („Bashariyatning qisqacha tarixi“)ning asosiy qismini yozadi va uni sekin-asta toʻldirib boradi. 1320-yil Hamo amirligi (Suriya)ga hokim qilib tayinlanadi va Malik al-Muayyad („Xudo madad bergan podsho“) laqabini oladi. A. falakiyot, tibbiyot, tarix, botanika, geografiya kabi bir qancha fanlar sohasida yetuk olim boʻlgan. „Taqvim ulbuldon“ („Mamlakatlar taqvimi“, 1321) asarining 1- qismida Yerning boʻlinishi, ekvator, yetti iqlim haqida umumiy tushuncha beriladi, dengiz, koʻl, daryo va togʻlar tasvirlanadi. 2- qismida Yer yuzi mamlakatlari, jumladan Xorazm va Movarounnahr haqida maʼlumotlar beriladi. Ushbu asarini A. umrining oxirigacha toʻlatib borgan. Geografik „AlMuxtasar fi tarix al-bashar“ („Bashariyatning qisqacha tarixi“) kitobi 4 jilddan iborat boʻlib, „Tarixi Abulfido“ nomi bilan ham maʼlumdir. Asardagi voqea 1329-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olib, Ibn al-Asirning „Al-Komil fit-tarix“ („Tarix xususida mukammal kitob“) kitobining davomi hisoblanadi. A. fiqh ilmiga oid „al-Hoviy“ („Toʻplam“) asarini yozgan. [1]